«Shimoliy qozoq» taxallusi bilan tanilgan qozoq blogeri Aslan Tolegenov nafrat qo‘zg‘ashda aybdor deb topildi. U uch yilu to‘qqiz oyga ozodlikdan mahrum qilindi, deb xabar beradi KazTAG axborot agentligi Kokshetau shahar sudi matbuot xizmatiga tayanib.
Tolegenovga ikkita ayblov qo‘yildi: millatlar o‘rtasida nafrat qo‘zg‘atish va YouTube kanalida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish. Sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi.
«Sudda T. o‘z aybini to‘liq tan oldi va taqdim etilgan dalillarga e’tiroz bildirmadi. Ish qisqartirilgan tarzda ko‘rib chiqildi. T.ning aybi ekspertiza xulosalari, uyali telefon, sayt, videoyozuvlar va boshqa ish materiallari orqali isbotlandi. Tgaa jazo tayinlashda sud uning sudlanmagani va qilmishlaridan chin dildan pushaymon bo‘lganini yengillashtiruvchi holatlar sifatida ko‘rib chiqdi. Hech qanday og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmadi», — deb aniqlik kiritadi matbuot xizmati.
Hukm hali kuchga kirmagan.
Aslan Tolegenov — asli kokshetaulik qozoq blogeri. U 180 000 dan ortiq obunachisi bo‘lgan YouTube kanalini boshqargan va u yerda muntazam ravishda «rus dunyosi Qozog‘istonga sivilizatsiya va barqarorlik olib kelgan» degan g‘oyani targ‘ib qilgan. Tolegenov Qozog‘istonda milliy va Rossiyaga qarshi kayfiyatga faol qarshilik ko‘rsatib kelgan va «G‘arb kuchlari bundan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga harakat qilmoqda» deb hisoblagan.
Bloger o‘tgan yozda jonli efirda uyatli so‘zlarni ishlatgani uchun hibsga olingan. Dastlab unga ma’muriy huquqbuzarlik ayblovi qo‘yilgan, ammo keyinchalik ayblovlar jiddiy tus solgan va jinoyat ishiga aylantirilgan.
Qozog‘istonda mashhur va mashhur bo‘lmagan blogerlarga nisbatan millatlararo nafratni qo‘zg‘atish moddasi bo‘yicha jinoyat ishlari muntazam ravishda qo‘zg‘atiladi. Ishbilarmonlar va oddiy fuqarolar mazkur ayblov bo‘yicha tergovga jalb qilingan. Ko‘pincha bunday holatlar Qozog‘iston va qo‘shni Rossiya fuqarolari o‘rtasidagi munosabatlarni o‘z ichiga oladi (bunday holatda nafaqat qo‘zg‘atish, balki separatizmga oid modda ham sudlanuvchilarga qo‘llaniladi).
Ikkala mamlakat rasmiylari muntazam ravishda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik haqida gapirishadi, potensial nozik masalalarni ko‘tarmaslikni afzal ko‘rishadi. Shunga qaramay, rasmiylar ba’zan bahsli bayonotlar berishadi. 2022 yil dekabr oyida Rossiya elchisi Aleksey Borodavkinning Qozog‘istondagi «millatchilar va rusofobiya» haqidagi bayonoti keng jamoatchilik e’tiborini tortgandi. Keyinchalik Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov elchining bayonoti nafaqat Rossiya hukumati pozitsiyasini, balki «Aleksey Nikolayevichning o‘z pozitsiyasini ham aks ettirmasligini» aytgandi. O‘z navbatida, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya rasmiylari Borodavkin so‘zlari uchun uzr so‘raganini xabar qilgandi.



