O‘zbekiston hukumati 2026-2030 yillarda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini kamida ikki barobarga oshirishni rejalashtirmoqda. Bunga erishish uchun yangi yo‘nalishlar tarmog‘ini yaratish, yo‘llar qurish va stansiyalarni modernizatsiya qilish lozim. Mutasaddilar ushbu loyihalarni 13 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etdilar, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun 151 kilometr yangi temir yo‘l qurish, 182 kilometr masofadagi yo‘llarni elektrlashtirish, shuningdek, 27 ta mavjud stansiya va 1 ming kilometr yo‘lni modernizatsiya qilish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Yo‘nalish tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Yangi yo‘nalishlar qatorida Nurafshon-Pskent-Buka-Bekobod-Bayovut-Yangiyer va Xovos-Dashtobod liniyalari bo‘ladi. Bir qator liniyalar uchun keng ko‘lamli elektrlashtirish ishlari rejalashtirilgan va Toshkent-Samarqand, To‘qimachi-Angren va Angren-Pop yo‘llarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshiriladi.
Tegishli idoralar vakillari respublika bo‘ylab shaharlar atrofida qatnaydigan poyezdlar harakatini faollashtirish maqsadida mavjud 40 ta yo‘nalishga qo‘shimcha yana 15 ta yangi yo‘nalish ochish rejalashtirilganini ta’kidladilar. Xususan, bular qatoriga Toshkent-Nurafshon-Ohangaron-Angren, Navoiy-Zarafshon-Uchquduq, Nukus-Shovot-Urganch-Xiva va boshqa yo‘nalishlar kiradi.
Yig‘ilishda yuqori tezlikdagi poyezdlar tarmog‘ini kengaytirish masalasi ko‘tarildi. Prezident yuk va yo‘lovchi tashish vaqtini va xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradigan 102 kilometrlik «Navoiy-Buxoro» liniyasini ishga tushirishni tezlashtirishni topshirdi.
Kelgusi yillarda yangi ochiladigan yo‘nalishlar va qurilayotgan yo‘llar uchun lokomotiv va vagonlar parkini kengaytirish bo‘yicha ham rejalar bayon etildi. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, jumladan, Xitoydan 38 ta magistral lokomotiv, 50 ta manyovrli va gibrid manyovrli lokomotiv xarid qilish nazarda tutilgan. Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan hamkorlikda 6 ta yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelib, ulardan birinchisini kelgusi yilda Toshkent – Urganch – Xiva yo‘nalishida qatnovga qo‘yish topshirildi. Bu orqali yo‘nalishda yo‘l vaqti hozirgi 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda 250 ta zamonaviy yo‘lovchi vagonlarini qurish, shaharlararo qatnaydigan 23 ta elektr poyezdini xarid qilish orqali yo‘lovchilarga sharoitlar kengaytiriladi. 10 mingta yuk vagonlarini qurish, 6 mingdan ziyodini tiklash hamda 12 ta elektrovozni kapital ta’mirdan chiqarish vazifalari belgilab olindi.
Yig‘ilishda «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘l qurilishi bo‘yicha amaliy ishlarning borishi ham ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari mazkur yo‘lning Markaziy Osiyoda transport bog‘liqligini oshirish va mamlakatning tranzit salohiyatini yanada mustahkamlashdagi strategik ahamiyatini alohida ta’kidlab, qurilish ishlarining sifatini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Rasmiylar temir yo‘l sanoati o‘tgan yili birinchi marta sof foyda ko‘rganini ta’kidladilar. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 800 milliard so‘mdan (66,6 million dollar) oshgan.
Darhaqiqat, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali temir yo‘l transporti xizmatlari sifati va hajmini oshirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlar davom etmoqda. Xususan, transport hisobidan boshlab, harakat oqimigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda sun’iy intellekt asosida nazorat o‘rnatish orqali xarajatlarni tahlil qilish, yo‘l qo‘yilayotgan yo‘qotishlarni aniqlash va shu asosda tannarxni 20 foizga kamaytirish mumkinligi qayd etildi.



